Davlat pensiya taʼminoti bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 23-band. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining…

Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 125-moddasi va Qonunning 42-moddasiga binoan, mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi) ish stajini tasdiqlovchi asosiy hujjat boʻlib hisoblanadi. Ish staji toʻgʻrisidagi hujjatlar harbiy harakatlar, tabiiy ofatlar, avariyalar, halokatlar yoki boshqa favqulodda vaziyatlar natijasida toʻliq saqlanmagan yoki qisman saqlangan hollarda ish stajini tasdiqlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi yoki viloyatlar, tumanlar (shaharlar)ning mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tashkil etiladigan ish stajini aniqlash boʻyicha maxsus komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi. Qisman saqlanib qolgan hujjatlar va guvohlarning koʻrsatmalari asosida koʻrsatib oʻtilgan komissiyalar tomonidan belgilangan mehnat faoliyati davrlari ish stajiga, shuningdek, hujjatlar bilan tasdiqlangan ish vaqti sifatida imtiyozli pensiya olish huquqini beradigan maxsus ish stajiga kiritiladi. Mehnat daftarchasi mavjud boʻlmagan hollarda, shuningdek, mehnat daftarchasida zarur boʻlgan maʼlumotlar kiritilmagan yoki ish davri haqidagi xato va noaniq yozuvlar mavjud boʻlganda, Pensiya jamgʻarmasi ish stajini (band boʻlgan shaxsning ish stajidan tashqari) tasdiqlash uchun maʼlumotnomalar, buyruqdan koʻchirmalar, shaxsiy hisob varaqasi va ish haqini berish haqidagi vedomostlar, mehnat shartnomalari (kontraktlari), idoraviy arxiv maʼlumotnomalari va ish davri haqida maʼlumotga ega boʻlgan boshqa hujjatlarni qabul qilishi lozim. Bunda tashkilot, korxona, muassasa yoki arxiv rahbari, shuningdek, maʼlumotnomani tayyorlagan xodim tomonidan imzolangan va korxona, muassasa, tashkilot yoki arxivning muhri bilan tasdiqlangan maʼlumotnomada ishga qabul qilish, ish (mansab) boʻyicha oʻzgartirish va asosini koʻrsatgan holda mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettirilishi lozim. Shu munosabat bilan sudlarga tushuntirilsinki, mehnat daftar