Davlat pensiya taʼminoti bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 9-band. Sudlar nazarda tutishi lozimki, 2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun Pensiya…

Sudlar nazarda tutishi lozimki, 2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari xodimga toʻlanadigan ish haqi shaklidagi daromadlardan hisoblanadi va ushlab qolinadi, 2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun esa xodimning mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlaridan hisoblanadi (Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 371-moddasi). Pensiya jamgʻarmasiga hisoblangan sugʻurta badallari toʻgʻrisidagi va xodimning mehnatiga haq toʻlash tarzidagi daromadlari soliq organlarida shakllantirilgan maʼlumotlar asosida aniqlanadi. Shundan kelib chiqqan holda, sudlar ish beruvchining ijtimoiy soliq, yagona ijtimoiy toʻlov va sugʻurta badallari boʻyicha qarzdorligi mavjudligi sababli ish davrini stajga qoʻshmaganlik bilan bogʻliq nizolarni hal qilishda, bu holat ish faoliyati davrini xodimning ish stajidan chiqarish uchun asos boʻlmasligini inobatga olishlari lozim.