Sudlar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish toʻgʻrisidagi qonunlarni buzish bilan bogʻliq jinoyat va huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo tayinlashda, shuningdek bu sohadagi huquqbuzarliklar uchun vakolatli organlarning maʼmuriy jazo qoʻllash haqidagi qarorlari xususida keltirilgan shikoyatlarni koʻrib chiqishda, qonunning maxsus talablariga ogʻishmay rioya etishlari, qonuniy asoslar boʻlmagan (masalan, yetkazilgan moddiy zararning oʻrni Jinoyat kodeksining Maxsus qismi tegishli moddasida belgilangan miqdorda qoplanmagan) taqdirda yengil jazo tayinlash va jazodan ozod qilishga yoʻl qoʻymasliklari kerak. Qimmatbaho yoki noyob hayvonlar, parranda va baliqlarni qirib tashlash, oʻrmonlarga shikast yetkazish yoki ularni yoʻq qilish, qishloq xoʻjaligi mulklarini ishdan chiqarish va hokazo yoʻllar bilan davlatga koʻp miqdorda zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan qattiq jazo choralari qoʻllanilmogʻi zarur. Tabiatni muhofaza qilish organlari xodimlarining, bu xizmat jamoatchi nazoratchilarining, shuningdek, oʻgʻrincha ov qilish va qonun bilan qoʻriqlanadigan tabiat obyektlariga boshqacha tajovuz qiluvchilarning harakatlariga barham berish yuzasidan oʻzining jamoatchilik burchini bajarayotgan fuqarolarning hayoti va sogʻligiga tajovuz qilgan shaxslar qattiq jazoga tortilmoqlari shart. Tabiatni muhofaza qilish organlari xodimlarining oʻzlari xizmat mavqeyidan foydalanib tabiat obyektlariga jinoiy tajovuzlar sodir etgan taqdirda, sudlar ularning muayyan lavozimni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi masalani muhokama qilishlari zarur.