Firibgarlikka oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 19-band. Jinoyat predmeti boʻlgan mulkning qiymatini aniqlashda, uning mulkdor tomonidan qay…

Jinoyat predmeti boʻlgan mulkning qiymatini aniqlashda, uning mulkdor tomonidan qay yoʻsinda sotib olinganligiga qarab, xususan jinoyat sodir etilgan vaqtda amalda boʻlgan va tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan chakana, bozor yoki komission narxlardan kelib chiqish lozim. Narx mavjud boʻlmaganda va talon-toroj miqdori toʻgʻrisida nizo kelib chiqqan hollarda, mulk qiymati ekspert xulosasiga asosan aniqlanadi. Bunda firibgarlik jinoyatining predmeti boʻlgan valyuta qimmatliklarining qiymati jinoyat sodir etilgan paytdagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan chet el valyutasining Oʻzbekiston Respublikasining pul birligiga nisbatan kursi boʻyicha aniqlanadi. Aybdor tomonidan talon-torojni yashirish maqsadida talon-toroj qilingan mulk oʻrniga boshqa, qiymati kamroq mulk almashtirib qoʻyilgan hollarda ham qilmish talon-toroj qilingan mulk qiymatidan kelib chiqqan holda kvalifikatsiya qilinadi. Bunda talon-toroj qilingan mulk oʻrniga taqdim etilgan mulk qiymati aybdordan moddiy zararni undirish, shuningdek jazo turi va miqdorini belgilash chogʻida hisobga olinadi.