Firibgarlikka oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 22-band. Tushuntirilsinki, axborot tizimidan, shu jumladan axborot texnologiyalaridan foydalanib…

Tushuntirilsinki, axborot tizimidan, shu jumladan axborot texnologiyalaridan foydalanib firibgarlik sodir etish (JK 168-moddasi uchinchi qismi “g” bandi ) deganda, moliya, bank muassasalari, fondlar va sh.k. larda boʻlgan mulkni aldov yoʻli bilan kompyuter texnikasi vositalari, aloqa vositasi, planshet yoki boshqa shu kabi texnik qurilmalar yordamida manipulatsiya qilish orqali amalga oshiriladigan talon-toroj tushuniladi. Bunday firibgarlik kompyuter tizimida ishlov beriladigan, tegishli axborot tashuvchilarda saqlanadigan yoki maʼlumotlarni uzatish tarmoqlari boʻyicha beriladigan axborotni oʻzgartirish yoʻli bilan ham, kompyuter tizimiga yolgʻon axborot kiritish yoʻli bilan ham sodir etilishi mumkin. Axborot tizimidan, shu jumladan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan firibgarlik jinoyatini qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) axborot tizimiga kirib yoki undan foydalanib sodir etilgan oʻgʻirlik jinoyatidan farqlashda shuni nazarda tutish lozimki, firibgarlikda jabrlanuvchi aldov yoki ishonchi suiisteʼmol qilinishi oqibatida mulkini yoki unga boʻlgan huquqni axborot texnologiyalaridan foydalanib aybdor egaligiga ixtiyoriy ravishda oʻtkazadi, bunda mulk oʻz egaligidan chiqib ketayotganligini jabrlanuvchi anglagan boʻlishi kerak. Agar shaxs kompyuter texnikasi yordamida qalbaki hujjat tayyorlab, soʻngra undan mulkni qoʻlga kiritish uchun foydalangan boʻlsa, qilmishni JK 168-moddasi uchinchi qismi “g” bandi bilan kvalifikatsiya qilib boʻlmaydi.