Firibgarlikni iqtisodiyot sohasidagi qator jinoyatlardan, shu jumladan, oʻzganing mulkini talon-toroj qilishning boshqa shakllaridan farqlamoq lozim. Firibgarlikning oʻgʻrilikdan (JK 169-moddasi ) farqi shundaki, firibgarlikda aybdor mulkni oʻzganing egaligidan olib qoʻymaydi, balki u tomonidan yanglishtirilgan jabrlanuvchining oʻzi mulkni yoki mulkka boʻlgan huquqni berishiga erishadi. Tovlamachilikdan (JK 165-moddasi ) firibgarlik shu bilan farqlanadiki, tovlamachilikda jabrlanuvchi qoʻrquv taʼsiri ostida harakat qiladi, erki sindirilgan boʻladi, firibgarlikda esa aldov natijasida jabrlanuvchining erki yanglishtirilgan. Firibgarlik jinoyatidan oʻtkazish maqsadida qalbaki bank biletlari (banknotlar), metall tangalar, aksiz markalari, shuningdek qimmatli qogʻozlar yoki chet el valyutasi yoxud chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish (JK 176-moddasi ) qasd yoʻnalishi va soxtalashtirish xususiyati bilan farqlanadi. Bunda pul belgisi yoki chet el valyutasi pul aylanmasiga kiritish uchun soxtalashtiriladi. Qimmatli qogʻozlarni qalbakilashtirish bilan bogʻliq firibgarlikda esa, (masalan, pul kupyurasiga bir necha nol raqamlarini qoʻshib yozish, suvenir banknotlarni, banknot yoki qimmatli qogʻozlarning foto-kseronusxalarini ishlatish va h.q.) qasd muayyan shaxsni aldash va mulkiy foyda olishga qaratilgan boʻladi. Agar aybdor bila turib, qalbaki bank biletlari (banknotlar), metall tangalar, aksiz markalari, shuningdek qimmatli qogʻozlar yoki chet el valyutasi yoxud chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlardan foydalangan holda oʻzganing mulkini qulga kiritsa, uning harakatlari JK 176 va 168-moddalari bilan kvalifikatsiya qilinadi.