Fuqarolik ishlari boʻyicha ekspertiza tayinlash, oʻtkazish va ekspert xulosasiga baho berishda sud amaliyotida kelib chiqadigan ayrim masalalar haqida 15-band. Sudlarning eʼtibori, fuqarolik ishlarini koʻrishda sansalorlik va ishlarni koʻrish…

Sudlarning eʼtibori, fuqarolik ishlarini koʻrishda sansalorlik va ishlarni koʻrish muddati choʻzilib ketishining oldini olish maqsadida oʻz vaqtida ekspertiza tayinlash, uni oʻtkazish muddatlariga qatʼiy rioya qilish lozimligiga qaratilsin. Sudning ekspertiza tayinlash haqidagi ajrimining oʻz vaqtida bajarilishini aniqlashda, sudlar “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining sud ekspertiza muassasalarida sud ekspertizasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnomada belgilangan ekspertiza oʻtkazish muddatlaridan kelib chiqishlari lozim. Xususan, ekspertiza oʻtkazish muddatlarini ekspertiza oʻtkazuvchi muassasa (uning tuzilmaviy boʻlinmasi) rahbari ekspertlarning bandligini inobatga olgan holda quyidagicha belgilaydi: 10 kun — obyektlar soni koʻp boʻlmagan yoki murakkab tekshiruvlarni talab etmaydigan ishlar boʻyicha; 20 kun — obyektlar soni koʻp boʻlgan yoki murakkab tekshiruvlarni talab etadigan ishlar boʻyicha; 30 kun — obyektlar soni koʻp boʻlgan ishlar boʻyicha (masalan, qurilish-texnik ekspertizalari, DNK sud-biologik ekspertizasi).