Fuqarolik ishlari boʻyicha ekspertiza tayinlash, oʻtkazish va ekspert xulosasiga baho berishda sud amaliyotida kelib chiqadigan ayrim masalalar haqida 17-band. FPK 96-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, ekspert (ekspertlar komissiyasi) xulosasi…

FPK 96-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, ekspert (ekspertlar komissiyasi) xulosasi asoslantirilmaganda yoki uning toʻgʻriligiga shubha tugʻilganda yoxud unga asos qilib olingan dalillar ishonchli emas deb topilganda yoki ekspertizani oʻtkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilganda qayta ekspertiza tayinlanadi. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, bir necha ekspertlarning xulosalari bir-biriga zidligi deganda ekspertlar komissiyasining xulosalaridagi tafovut (qarama-qarshilik, jiddiy farq) tushuniladi. Qayta ekspertiza muqaddam xulosa berilgan obyektlarga nisbatan sud tomonidan avval qoʻyilgan savollar yuzasidan tayinlanadi, biroq uni oʻtkazish boshqa ekspertga (yoki ekspertlar komissiyasiga) topshirilishi lozim. Qayta ekspertizani oʻtkazish ekspert (yoki ekspertlar komissiyasi) xulosasiga asos qilib olingan dalillar haqiqiy emas deb tan olingan yoki ekspertiza oʻtkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilgan taqdirda ham tayinlanishi mumkin. Ekspert (yoki ekspertlar komissiyasi) xulosasi ishning haqiqiy holatlariga zid boʻlsa yoki ishni koʻrish vaqtida ekspert (yoki ekspertlar komissiyasi) xulosasiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan yangi holatlar aniqlansa, sud tomonidan qayta ekspertiza tayinlanishi mumkin. Sud ekspert (yoki ekspertlar komissiyasi) xulosalariga qoʻshilmasa, qayta ekspertiza tayinlash majburiy emas. Ushbu masalani hal etayotganda ekspertiza predmeti boʻlgan holatlarga doir ishda boshqa dalillarning mavjudligi, shuningdek takroriy ekspertiza oʻtkazishning amaliy imkoniyatlari hisobga olinishi lozim. Ish boʻyicha taraflarning ekspert (yoki ekspertlar komissiyasi) xulosasiga qoʻshilmasligi, mutaxassis fikri mavjudligi va boshqa vajlar qayta ekspertiza oʻtkazish uchun asos boʻla olmaydi. Qayta ekspertiza xulosasida ekspertning (yoki ekspertlar komissiyasining) oldingi ekspertiza xulosasining toʻgʻriligi yoki notoʻgʻriligi haqidagi xulosasi qaysi maʼlumotlarga asoslanganligi koʻrsatilishi shart.