Sudlarga tushuntirilsinki, protsessual qonun mazmuniga koʻra, sudya nafaqat ishni koʻrish jarayonida, balki ishni sud muhokamasiga tayyorlash bosqichida ham ishda ishtirok etuvchi shaxslarning fikrlarini hisobga olib, ish holatlari va taqdim etilgan dalillarga muvofiq, ekspert xulosasi zarur boʻlgan barcha hollarda ish boʻyicha tegishli ekspertiza (tibbiy, psixiatriya, tovarshunoslik, buxgalteriya va boshqa) oʻtkazishni tayinlash huquqiga ega (FPK 204-moddasi birinchi qismining 7-bandi ). Ekspertiza tayinlashda FPK 95 ― 101-moddalari talabi eʼtiborga olinishi, xususan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ekspertlar oldiga ekspert xulosasi boʻyicha javob berilishi lozim boʻlgan savollarni qoʻyish huquqi tushuntirilishi kerak. Ish holatlari boʻyicha shaxsning maʼlum harakatni sodir etish vaqtidagi ruhiy holatini aniqlash lozim boʻlgan barcha hollarda sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlanishi lozim, masalan, bitimni haqiqiy emas deb topish haqidagi ishlarni koʻrishda bitim tuzilgan vaqtda shaxs oʻz harakatlarining ahamiyatini tushuna olmasligi yoki ularni boshqara olmasligi (FK 121-moddasi ), shuningdek protsessual qonunda ekspertiza tayinlash nazarda tutilgan hollarda, xususan, ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi sababli fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish haqidagi (FPK 312-moddasi ) va sogʻligʻining sezilarli darajada yaxshilanganligi yoki sogʻayganligi sababli uni muomalaga layoqatli deb topish haqidagi ishlar boʻyicha (FPK 315-moddasi ).