Fuqarolik ishlari boʻyicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti toʻgʻrisida 9-band. Daʼvo bir nechta daʼvogar tomonidan birgalikda bir yoki bir nechta javobgarga nisbatan…

Daʼvo bir nechta daʼvogar tomonidan birgalikda bir yoki bir nechta javobgarga nisbatan taqdim etilganda davlat boji daʼvoning umumiy summasidan kelib chiqib hisoblanadi va daʼvogarlar tomonidan ular qoʻygan talablar ulushiga mutanosib tarzda toʻlanadi (“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 19-moddasining oʻninchi qismi). Bir daʼvogar tomonidan bir nechta javobgarga nisbatan daʼvo taqdim etilganda ham, shuningdek sudya tomonidan bir turdagi bir nechta talab bir ish yuritishga birlashtirilganda ham davlat boji daʼvoning umumiy summasidan kelib chiqqan holda undiriladi (“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 19-moddasining oʻn birinchi qismi). Birlashtirilgan bir yoki bir nechta daʼvo talablari sudya tomonidan alohida ish yuritishga ajratilganda, qonunchilik talablariga muvofiq toʻlangan davlat boji qayta hisoblab chiqilmaydi va qaytarilmaydi. U alohida ajratilgan ish yuritish boʻyicha hisobga olinadi va bu haqda sudya tomonidan tegishli maʼlumotnoma tuzilib, toʻlov hujjatining nusxasi bilan birga ish materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.