FK 272-moddasining 4-qismiga binoan bino yoki inshoot ipotekasiga ayni bir vaqtning oʻzida oʻsha shartnoma boʻyicha shu bino yoki inshoot joylashgan yer uchastkasini yoxud bu uchastkaning garovga qoʻyilayotgan obyekt ishlashini taʼminlaydigan qismini yoki garovga qoʻyuvchiga qarashli boʻlgan ushbu uchastkani yoxud uning tegishli qismini ijaraga olish huquqini bir vaqtda ipotekaga qoʻygan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi. Bunda bino yoki inshootni garovga beruvchi shaxs tegishli yer uchastkasining egasi yoki ijaraga oluvchi boʻlishi shart. Bunday shaxs ipoteka shartnomasi boʻyicha faqat bino yoki inshootni garovga berayotgan boʻlsa, yer uchastkasi yoxud ijara huquqi garov predmeti boʻlib hisoblanmasa, bunday shartnoma oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim hisoblanadi (FK 116-modda). Boshqa holatlarda agar bino yoki inshootni garovga beruvchi yer uchastkasining egasi yoki ijarachisi hisoblanmasa, ipoteka shartnomasi FK 272-moddasining 4-qismiga asosan qonunchilikka muvofiq emas deb hisoblanmaydi. Garovga qoʻyuvchining huquqi, undiruv garovga qaratilgan bino yoki inshootga qaratilgan hollarda sotib oluvchining yer uchastkasiga nisbatan huquqi Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 22-moddasiga asosan belgilanadi, unga koʻra korxona, bino, inshoot yoki boshqa koʻchmas mol-mulkka nisbatan mulk huquqi, xoʻjalik yuritish huquqi yoki ularni operativ boshqarish huquqi boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda, ana shu obyektlar bilan birgalikda mazkur obyektlar joylashgan hamda ulardan foydalanish uchun zarur boʻlgan yer uchastkasiga egalik qilish va undan doimiy foydalanish huquqi ham oʻtadi.