JK 271-moddasiga muvofiq, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni egallash uchun javobgarlik ular korxona, tashkilot va muassasalardan qonunga xilof ravishda olinganda, tarkibida narkotik moddasi boʻlgan oʻsimliklarni belgilangan tartibda yetishtirayotgan qishloq xoʻjaligi korxonalariga tegishli yerlardan, shuningdek, ularga qonuniy va qonunsiz ravishda egalik qilib turgan fuqarolardan qonunga xilof ravishda olinganda yuzaga keladi. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni bosqinchilik, talonchilik, tovlamachilik, firibgarlik, oʻgʻirlik, oʻzlashtirish yoki rastrata qilish, mansab mavqeyini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan egallash JK 271-moddasining tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim boʻlib, JK oʻzgalar mulkini talon-toroj qilishni nazarda tutuvchi tegishli moddalari bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilishni talab etmaydi. Dastlabki tergov organlari va sudlar har bir ish boʻyicha giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda egallashdan koʻzlangan maqsadni aniqlashlari zarur. Bunday vosita yoki moddalarni egallash ularni kelgusida oʻtkazish (sotish) uchun sodir etilganligi aniqlangan taqdirda, aybdorning harakatlari qayd etilgan jinoyatlarga tayyorgarlik koʻrish yoki suiqasd sifatida qoʻshimcha ravishda JK 25 , 273-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.