Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki aql-idrokiga taʼsir etuvchi boshqa moddalarni isteʼmol qilishga jalb etish deganda, shaxsda ularni isteʼmol qilish maylini uygʻotishga qaratilgan har qanday qasddan qilingan harakatlar (koʻndirish, tavsiya qilish, maslahat berish va sh.oʻ.), shuningdek, taʼsir oʻtkazilayotgan shaxs tomonidan bunday vosita yoki moddalar isteʼmol qilinishi maqsadida aldash, tahdid qilish, jismoniy zoʻrlik ishlatish, ozodligini cheklash va hokazolar tushunilishi lozim. Jinoyatni tugallangan deb topish uchun jalb etilayotgan shaxs giyohvandlik vositasi, uning analogi psixotrop yoki aql-idrokiga taʼsir etuvchi boshqa moddani haqiqatan ham isteʼmol qilgan boʻlishi talab etilmaydi. Bunday hollarda, aybdorning boshqa jinoyat tarkibini tashkil etuvchi harakatlari JK tegishli moddasi bilan alohida kvalifikatsiya qilinadi. Aybdorning ikki va undan ortiq shaxsni bir vaqtning oʻzida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki aql-idrokiga taʼsir etuvchi boshqa moddalarni isteʼmol qilishga jalb etishga qaratilgan harakatlari JK 274-moddasi toʻrtinchi qismining “v” bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Agar giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki aql-idrokiga taʼsir etuvchi boshqa moddalarni isteʼmol qilishga voyaga yetmagan shaxs jalb etilgan boʻlsa, aybdorning harakatlari maxsus norma, yaʼni JK 127-moddasining tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.