Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan taʼminlashga oid qonunlarni qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 11-band. Ish boʻyicha himoyachi sifatida qatnashishi mumkin boʻlgan shaxslar toifasi JPK…

Ish boʻyicha himoyachi sifatida qatnashishi mumkin boʻlgan shaxslar toifasi JPK 49-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida belgilangan. Ular jumlasiga, xususan, advokatlar hamda gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlaridan biri yoki qonuniy vakillari kiradi. Bunda shuni eʼtiborga olish lozimki, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshi yoki qonuniy vakili ish boʻyicha himoyachi sifatida faqat advokat bilan birga qatnashishiga yoʻl qoʻyiladi. Qonunga binoan, belgilangan tartibda advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya olgan va advokatlar tuzilmalarining: advokatlar hayʼati, advokatlik firmasi, byurosi aʼzosi boʻlgan shaxslar advokat hisoblanadi. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari deganda, uning ota-onasi, tugʻishgan va oʻgay aka-ukasi va opa-singillari, eri(xotini), farzandlari (farzandlikka olinganlar), bobosi, buvisi, nevaralari, shuningdek, er(xotin)ining ota-onasi, tugʻishgan va oʻgay aka-ukasi va opa-singillari nazarda tutiladi. Advokatning ishda ishtirok etishiga u advokatlik guvohnomasini koʻrsatganidan va uning muayyan ishni yuritishga vakolatli ekanligini tasdiqlovchi orderni taqdim etganidan soʻng yoʻl qoʻyiladi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining ishda himoyachi sifatida ishtirok etishga ruxsat berilgan yaqin qarindoshi yoki qonuniy vakiliga surishtiruv, dastlabki tergov organi, sud tomonidan qaror, ajrim berilib, unda himoyachining JPK 53-moddasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlari tushuntiriladi. Qaror (ajrim) surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud (sudya) tomonidan himoyachi sifatida tanlangan shaxsning qarindoshligi yoki vakillik vakolatini va shaxsini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan soʻng darhol chiqarilishi va unga berilishi lozim.