Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan taʼminlashga oid qonunlarni qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 12-band. Himoyachi qonunga koʻra, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki uning qonuniy vakili…

Himoyachi qonunga koʻra, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki uning qonuniy vakili tomonidan, shuningdek, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining iltimosi yoki roziligi asosida boshqa shaxslar tomonidan taklif etiladi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi ish boʻyicha bir necha himoyachi taklif etishi mumkin. Bu oʻrinda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi himoyachini erkin tanlash huquqiga ega. Surishtiruvchi, tergovchi, sud (sudya) ish boʻyicha tayinlov asosida davlat hisobidan himoyachi ishtirok etayotgan taqdirda ham gumon qilinuvchi, ayblanuvchi tomonidan taklif etilgan himoyachining ishda qatnashishiga monelik qilishga haqli emas. Himoyachining jinoyat ishiga kirishishini rad etish toʻgʻrisida surishtiruv, tergov organi, sud (sudya) tomonidan chiqarilgan qaror ustidan jinoyat-protsessual qonunida koʻrsatilgan (JPK 27-moddasi ) tartibda shikoyat berilishi mumkin. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining himoya huquqiga oid qonun normalari mazmuniga koʻra, ish materiallarida davlat siri bilan bogʻliq maʼlumotlarning mavjudligi bunday maʼlumotlar bilan ishlashga maxsus ruxsati boʻlmagan himoyachining ishda ishtirok etishiga toʻsqinlik qilmaydi. Bunday hollarda himoyachi davlat siriga aloqador maʼlumotlar bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tanishishi mumkin. Shuni nazarda tutish lozimki, himoyachining sud ishi yuritilayotgan tilni bilmasligi ham uning ishda ishtirok etishiga monelik qilmaydi. Bu holda u JPK 20-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq tarjimon bilan taʼminlanishi kerak.