Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan taʼminlashga oid qonunlarni qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 17-band. Agar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, ushlab turilgan, qamoqda saqlanayotgan yoki uy…

Agar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, ushlab turilgan, qamoqda saqlanayotgan yoki uy qamogʻida boʻlsa yoki tibbiy muassasaga joylashtirilgan boʻlsa, himoyachi u bilan qonunga koʻra (JPK 53-moddasining ikkinchi qismi , 215-moddasining uchinchi qismi ) soni va davomiyligi chegaralanmagan holda yakkama-yakka (holi) uchrashish huquqiga ega. Himoyachiga qamoqda saqlanayotgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi bilan uchrashuv berilishi uchun quyidagilar asos boʻladi: advokat uchun — advokatlik tuzilmasi tomonidan unga muayyan ishni yuritish uchun berilgan order; gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari yoki qonuniy vakili uchun — uni himoyachi sifatida ishda ishtirok etishga ruxsat berilganligi toʻgʻrisidagi surishtiruv, dastlabki tergov organi, sudning qarori (ajrimi). Himoyachiga oʻz himoyasi ostidagi shaxs bilan uchrashishga, oʻzining yoki himoyasi ostidagi shaxsning talabiga koʻra, jinoyat protsessining har qanday paytida darhol, gumon qilinuvchi bilan esa, JPK 48-moddasiga muvofiq ruxsat berilishi shart. Muassasa maʼmuriyati himoyachiga oʻz himoyasi ostidagi shaxs bilan uchrashuv berishni rad etgan taqdirda, himoyachi bunday harakat ustidan prokurorga “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonunning 30-32-moddalarida belgilangan tartibda shikoyat berishi mumkin.