Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan taʼminlashga oid qonunlarni qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 25-band. Sud mahkumga, oqlangan shaxsga, ularning himoyachilari va qonuniy vakillariga sud majlisi…

Sud mahkumga, oqlangan shaxsga, ularning himoyachilari va qonuniy vakillariga sud majlisi bayonnomasi, audioyozuv bilan tanishib chiqish uchun imkoniyat yaratishi shart. Bayonnomaning qonunda belgilangan muddatdan kechikib imzolanganligi haqida protsessning manfaatdor ishtirokchilari oʻz vaqtida xabardor qilinishi lozim. Agar mahkumdan, oqlangan shaxsdan sud majlisi bayonnomasi yoki audioyozuv bilan himoyachi ishtirokida tanishish istagi borligi toʻgʻrisida belgilangan muddatda ariza kelib tushgan boʻlsa, sud bu haqda himoyachini xabardor qilishi va ularga ushbu huquqdan birgalikda foydalanishlari uchun imkoniyat yaratib berishi kerak. Agar bayonnoma hajmining kattaligi va boshqa uzrli sabablar tufayli protsess ishtirokchilariga u bilan tanishish va eʼtiroz bildirish uchun besh sutkadan ortiq vaqt talab etilsa, bu muddat sud (sudya) tomonidan uzaytirilishi mumkin. Sud majlisi bayonnomasi yoki audioyozuvi yuzasidan taqdim etilgan eʼtirozlar muhim protsessual ahamiyatga ega boʻlganligi sababli sud (sudya) tomonidan sinchiklab va xolisona koʻrib chiqilishi lozim. Eʼtirozlar toʻliq yoki qisman rad etilgan hollarda sud (sudya) bu haqda asoslantirilgan ajrim chiqaradi va u eʼtirozlar bilan birga ishga qoʻshib qoʻyiladi. Sud majlisi bayonnomasi yoki audioyozuvi yuzasidan bildirilgan eʼtirozlar koʻrib chiqilganligi haqida manfaatdor shaxslar xabardor qilinadi.