JKning 285-moddasi 4-qismi “b” bandida nazarda tutilgan “boshqa ogʻir oqibatlar” deganda, aybdorning ustavga zid harakatlari bilan sababiy bogʻlanishda boʻlgan, ogʻirligining xususiyatiga qarab sud tomonidan baholanishi lozim boʻlgan oqibatlar tushuniladi. Agar ustavga zid zoʻravonlik harakatlari jabrlanuvchini qasddan oʻldirish bilan yakunlansa, aybdorning harakatlari JKning 285-moddasi 3-qismi hamda kodeksning shaxsga qarshi jinoyatlarni nazarda tutuvchi moddalari majmui bilan tavsiflanadi. Amaliyotda koʻpincha jabrlanuvchining oʻlimi yurakning reflektor toʻxtab qolishi yoki mexanik asfiksiya natijasida roʻy berish hollari uchrab, bu narsa jabrlanuvchining koʻkrak qafasi qismiga aybdor, odatda, qoʻli bilan bir zarba berishi oqibatida kelib chiqadi. Bunday harakatlar, agar aybdorda jabrlanuvchini hayotdan mahrum qilishga qaratilgan qasd boʻlganligini aniq isbotlovchi dalillar boʻlmasa, odam oʻlishiga sabab boʻlgan harbiy xizmatchilar oʻrtasida oʻzaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzish sifatida tavsiflanishi lozim. Harbiy xizmatchilar oʻrtasida oʻzaro munosabatlarga oid ustav qoidalarining buzilishi, baʼzi paytlarda, nafaqat odamlar oʻlimiga, balki jangovar vazifaning bajarilmay qolishiga, harbiy texnikaning ishdan chiqishiga va boshqa oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunday oqibatlar sud tomonidan ogʻir deb topilgan taqdirda aybdorning harakatlarini JKning 285-moddasi 4-qismi bilan tavsiflashga asos boʻla oladi. Ustavga zid zoʻravonlik harakatlari oqibatida bir necha jabrlanuvchiga JKning 285-moddasi turli qismlarida nazarda tutilgan zarar yetkazilgan boʻlsa, bu harakatlar JKning 33-moddasi qoidasiga koʻra, tavsiflanishi lozim.