Jinoyat ishlarining harbiy sudlar sudloviga tegishliligi “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunning 45-moddasi va ushbu qonun bilan tasdiqlangan “Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Nizomning 4-moddasida belgilangan. Nizomga muvofiq, harbiy sudlar sudloviga favqulodda holatlarga koʻra, umumiy sudlar faoliyat koʻrsatmayotgan joylardagi barcha jinoyat ishlari, shuningdek, harbiy xizmat davrida sodir etilgan, biroq ishni sudda koʻrish paytiga kelib harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslarning jinoyatlari toʻgʻrisidagi ishlar ham taalluqlidir. Shuningdek, harbiy sudlar Qonunga muvofiq boshqa ishlarni ham koʻrishi mumkin (masalan, Qurolli Kuchlar va boshqa harbiy tuzilmalarning xizmatchilari hamda xodimlari tomonidan xizmat faoliyati bilan bogʻliq holda sodir etilgan jinoyatlar va h.k.). Bundan tashqari, davlat (davlat, harbiy va xizmat) sirlariga daxldor boʻlgan barcha maxfiylik darajasi (grif)ga ega boʻlgan ishlar (JKning 162 , 163 va h.k.) harbiy sudlar sudloviga tegishli. Shuning uchun ham barcha sudlar sudlovga taalluqlilik haqidagi qonun talablariga qatʼiy rioya etishlari lozim.