Muddatli harbiy xizmatchining bir kecha-kunduz (sutka)dan ortiq vaqt davomida xizmat joyida uzrli sabablarsiz hozir boʻlmasligi qismni oʻzboshimchalik bilan tashlab ketishni tashkil qiladi. JKning 287-moddasi 4-qismiga koʻra, ushbu harakatlar jangovar vaziyatda sodir etilgan boʻlsa, ularning davomiylik muddati ahamiyatga ega boʻlmaydi. Qarindosh va tanishlarni borib koʻrish, xizmat hordigʻini chiqarish, oilaviy va shaxsiy ishlarni bajarish, vaqtinchalik muammolarni hal etish istagi kabi sabablar qismni oʻzboshimchalik bilan tashlab ketish hollariga xosdir.