Harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 4-band. Harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda…

Harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda sudlar bir necha asosiy tushunchalarga eʼtibor qaratishlari lozim. Yakkaboshchilik — “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Ichki xizmat nizomi”ning 30-bandiga muvofiq Qurolli Kuchlar qurilishining, unga rahbarlik qilishning va harbiy xizmatchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning prinsiplaridan biri sanaladi. U komandirga (boshliqqa) boʻysunuvchilarga nisbatan idora qilish hokimiyatining butun toʻlaligicha berilishida va harbiy qism, boʻlinma va har bir harbiy xizmatchining hayoti va faoliyatining hamma jihatlari uchun davlat oldida shaxsiy javobgarlik uning zimmasiga yuklanishida ifodasini topadi. Yakkaboshchilik komandirning (boshliqning) vaziyatni har tomonlama baholashdan kelib chiqqan holda yolgʻiz oʻzi qaror qabul qilish, qonun va harbiy nizomlarning talablariga qatʼiy muvofiq ravishda buyruqlar berish va ularning bajarilishini talab qilish huquqida mujassamlashgandir. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Ichki xizmat nizomining 31-32-bandlariga muvofiq, oʻz xizmat maqomi va harbiy unvoniga koʻra, ayrim harbiy xizmatchilar boshqalarga nisbatan boshliq yoxud boʻysunuvchi boʻlishi mumkin. Boshliq boʻysunuvchi uchun xushmuomala va bosiqlik namunasi boʻlishi va takallufsizlikka ham, noxolislikka ham yoʻl qoʻymasligi lozim. Boʻysunuvchining insoniy qadr-qimmatini poymol etuvchi harakatlari uchun boshliq javobgar boʻladi.