Jangovar, transport va maxsus mashinalarni boshqarish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish jinoyatini unga oʻxshash boshqa jinoyatlardan ajratish lozim. JKning 266-moddasida nazarda tutilgan jinoyatdan mazkur jinoyat obyekti, obyektiv tomonining baʼzi alomatlari va subyekti bilan ajralib turadi. JKning 298-moddasi boʻyicha jinoyat obyekti bu Qurolli Kuchlarda oʻrnatilgan va jangovar, maxsus yoki transport mashinalaridan foydalanish yoki ularni boshqarish bilan bogʻliq boʻlgan harbiy xizmatni oʻtash tartibidir. JKning 266-moddasida belgilangan jinoyat esa — transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga tajovuz qiladi. JKning 298-moddasida koʻrsatilgan jinoyat harbiy xizmatchi tomonidan jangovar, maxsus yoki transport mashinasida sodir etiladi. Agar harbiy xizmatchi jangovar, maxsus yoki transport boʻlmagan mashinada va harbiy xizmatchi boʻlmagan shaxs esa, jangovar, maxsus yoki transport mashinada boshqarish qoidalarini buzsa, bu harakat JKning 266-moddasi tarkibi alomatlariga toʻgʻri keladi. Agar transport vositalarining texnik holati yoki ulardan foydalanishga masʼul shaxs texnik jihatdan nosoz boʻlgan jangovar, maxsus yoki transport mashinalarni foydalanish uchun chiqarib yuborsa va bu JKning 262-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqarsa, bu holat JKning 262-moddasi bilan tavsiflashni talab qilmaydi, chunki ushbu qilmish JKning 298-moddasi dispozitsiyasi bilan qamrab olingan.