Harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 47-band. Uchish yoki uchishga tayyorgarlik koʻrish qoidalarini buzish harbiy texnikadan…

Uchish yoki uchishga tayyorgarlik koʻrish qoidalarini buzish harbiy texnikadan foydalanish tartibiga qarshi jinoyatlar tarkibiga kiradi. Mazkur jinoyatning obyekti — Qurolli Kuchlarda oʻrnatilgan uchish va uchishga tayyorgarlik koʻrish tartibidir. Shuning uchun ham ushbu jinoyat uchun javobgarlik, faqat uchish apparatini havoda boshqarish vaqtida yoki koʻtarilish-qoʻnish yoʻlagidagi harakat chogʻida koʻtarilish yoki qoʻngandan soʻng dvigatel toʻxtashigacha boʻlgan vaqtda uchish apparatini boshqarish qoidalarini buzish, shuningdek, mashinani va ekipajni uchish oldidan tayyorlash qoidalarini buzgandagina yuzaga kelishi mumkin. Mashinaning havoga koʻtarilishi yoki qoʻnishi bilan bogʻliq boʻlmagan hodisalar ushbu modda bilan javobgarlikka tortishga asos boʻla olmaydi va boshqa jinoyat tarkibini tashkil etishi mumkin. Uchish apparatlariga Qurolli Kuchlarga tegishli boʻlgan samolyotlar va vertolyotlar, shuningdek, uchuvchisiz uchadigan samolyotlar va planerlar kiradi.