JKning 299-moddasi halokat yoki boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelgan hodisalar uchun javobgarlikni nazar tutadi. Halokat deganda, harakatlanayotgan uchish apparatining unda uchayotgan ekipaj aʼzolaridan, koʻchirilayotgan boʻlinma shaxsiy tarkibidan yoki havo kemasida boʻlgan boshqa shaxslardan birortasining halok boʻlishiga sabab boʻlgan buzilishi yoki shikastlanishi tushuniladi. Boshqa ogʻir oqibatlarga quyidagilar kirishi mumkin: havo kemasida boʻlgan shaxslarning badaniga ogʻir shikast yetkazilishi; uchish apparatining yerga qulab tushishi yoki majburan qoʻnishi natijasida yerdagi odamlarning halok boʻlishi yoki ularning badaniga ogʻir shikast yetkazilishi; avariya, yaʼni samolyotga uning yaroqsiz holga kelishiga sabab boʻlgan darajada shikast yetkazilishi; havo kemasining halokati, qulashi yoki majburan qoʻnishi chogʻida davlat, shuningdek, harbiy mulkning yoki shaxsiy mulkning nobud boʻlishi yoki ularga juda koʻp miqdorda zarar yetkazilishi.