Harbiy mulkni behuda sarflash, yoʻqotish yoki ishdan chiqarish jinoyatining obyekti — harbiy nizomlar, farmoyishlar, yoʻriqnomalar va buyruqlarda qayd etilgan harbiy mulkdan foydalanish va uni asrab-avaylash tartibidir. Bu tartibga rioya qilish qurol-yaroqlarning, jangovar va boshqa texnikadan, anjomlar, kiyim-kechak va boshqa mulkdan toʻgʻri foydalanish va ularni ehtiyot qilishni taʼminlaydi. Harbiy mulk harbiy xizmatchilarga shaxsiy ehtiyoj yoki xizmatda foydalanishi uchun beriladi. Shaxsiy ehtiyoj uchun foydalanishga faqat kiyim-kechaklar va anjomlar, xizmatda foydalanish uchun esa — qurol, oʻq-dori, harakatlanish vositalari va hokazolar beriladi.