Harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 53-band. JKning 295-moddasidan farqli oʻlaroq, kodeksning 296-moddasida nafaqat shaxsiy yoki…

JKning 295-moddasidan farqli oʻlaroq, kodeksning 296-moddasida nafaqat shaxsiy yoki xizmatda foydalanish uchun berilgan anjomlarni, balki har qanday harbiy mulkni asrash tartibi nazarda tutilgan. Qurol-yaroq, oʻq-dorilar, harakatlanish vositalari va boshqa harbiy mulklar davlat mulki boʻlib, shuning uchun ham ularni qasddan nobud qilgan yoki ularga shikast yetkazgan aybdor bir paytning oʻzida davlat mulkiga ham tajovuz qiladi. Behuda sarflash kiyim-kechak va anjomlarni sotish, garovga qoʻyish yoki boshqa shaxsga foydalanish uchun berishda ifodalanadi. Behuda sarflashning muqarrar belgisi — shaxsiy foydalanish uchun berilgan kiyim-kechak yoki anjomlarning harbiy xizmatchi egaligidan chiqib, oʻzga shaxsning noqonuniy egaligiga oʻtishidir. Behuda sarflangan harbiy mulk doimo davlat mulki boʻlib qolganligi uchun, har qanday vaziyatda u noqonuniy egalikdan tortib olinadi va agar uning qaytarilishining iloji boʻlmasa, uning qiymati qonunda belgilangan miqdorda aybdordan undiriladi. Subyektiv tomondan behuda sarflash aybning toʻgʻri qasd shaklida sodir etiladi. Aybdor oʻziga shaxsiy foydalanish uchun berilgan buyumni sotayotganini, birovga foydalanish yoki garovga berayotganini anglaydi va buni xohlaydi. Kiyim-kechak yoki anjomlarni yoʻqotish yoki ularni ishdan chiqarish, shuningdek, aybning ehtiyotsizlik shakli — jinoiy oʻz-oʻziga ishonish yoki jinoiy beparvolik bilan sodir etiladi.