Harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 59-band. Hokimiyat yoki xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilish, hokimiyat yoki xizmat vakolatidan…

Hokimiyat yoki xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilish, hokimiyat yoki xizmat vakolatidan chetga chiqish va hokimiyat harakatsizligi — qasddan sodir etiladigan jinoyatlar. Aybdor mansab mavqeyidan foydalanib, sodir etayotgan harakati (harakatsizligi) harbiy xizmat manfaatlariga zid ekanligini anglaydi va aynan shuni sodir etishni istaydi yoki oʻzining bunday harakatlariga befarq qaraydi. Aybdorning oqibatlarga — qonunga muvofiq jinoyat tarkibining muqarrar alomatlaridan biri boʻlgan jiddiy ziyonga munosabati ham qasd, ham ehtiyotsizlik shaklida boʻlishi mumkin. Jiddiy ziyon sifatida, jumladan, Qurolli Kuchlar manfaati hamda nufuziga, boʻlinmada (qismda) harbiy intizomga putur yetishi, jangovar topshiriqning, oʻq otish mashgʻulotlarining, ishlarning barbod boʻlishi kabi holatlar tan olinadi. Shuningdek, jiddiy ziyon tushunchasi hokimiyat yoki xizmat vakolati doirasidan chetga chiqish jinoyatlari uchun xos boʻlgan jabrlanuvchining hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zararni ham oʻz ichiga olishligi bois, sogʻliqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq boʻlmagan muddatga yoʻqolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazishda ifodalangan qilmishlar jiddiy ziyon deb baholanmasligi va kam ahamiyatli deb topilishi kerak.