Harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 60-band. Xizmatga sovuqqonlik bilan qarash — mansabdor shaxsning oʻziga yuklatilgan…

Xizmatga sovuqqonlik bilan qarash — mansabdor shaxsning oʻziga yuklatilgan majburiyatlarni beparvoligi yoki vijdonan munosabatda boʻlmasligi oqibatida umuman yoki lozim darajada bajarmasligidan iborat. Majburiyatlarni lozim darajada bajarmaslik ularning yuzaki, ishtiyoqsiz, eʼtiborsizlik bilan, oʻylamasdan va kerakli gʻayrat, tashabbussiz bajarilishida namoyon boʻladi. Bu koʻrinishdagi sovuqqonlik harbiy mansabdor shaxsning unga ishonib topshirilgan harbiy mulkka loqayd munosabatda boʻlishi oqibatida mazkur mulkning nobud boʻlishi yoki unga shikast yetishi, moddiy boyliklardan foydalanishda hisob-kitob va nazoratning yetarlicha boʻlmaganligi yoki ularni saqlash yomon tashkil etilganligi sababli talon-toroj yoki kamomad kelib chiqishi, qoʻmondon boʻlinmada harbiy tartib oʻrnatish uchun tegishli chora-tadbirlar koʻrmaganligi tufayli tobe shaxslar tomonidan intizomning qoʻpol buzilishi yoki qoʻmondonlik bergan topshiriqlarning bajarilishi barbod boʻlishi kabilarda namoyon boʻladi. Sovuqqonlik mansabdorlik jinoyati boʻlib, mansabdor shaxs tomonidan bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan harakatlar uning xizmat vakolatiga tegishli boʻlishini, lavozimi boʻyicha uning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlar doirasiga kirgan boʻlishini taqozo etadi. Mansabdor shaxs u yoki bu majburiyatlarni oʻz xizmat burchi tufayli bajarishi nafaqat shart boʻlgan, balki uni lozim darajada bajarish mumkin va buning uchun real imkoniyatga ega boʻlgan holdagina sovuqqonlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin. Agar mansabdor shaxs oʻz xizmat vazifalarini lozim darajada amalga oshirish uchun yetarli imkoniyatga ega boʻlmagan sharoitga tushib qolgan boʻlsa, sovuqqonlik uchun javobgarlik istisno etiladi. Agar boshliq yoki mansabdor shaxs tomonidan boshqa shaxs yordamida JKning 301-moddasida nazarda tutilgan jinoyat sodir qilinsa, uning harakatlari ushbu modda bilan toʻgʻridan-toʻgʻri, yordam bergan boshqa shaxsning harakatlari esa JKning 28-moddasi orqali kvalifikatsiya qilinishi lozim.