Buyruq — komandirning (boshliqning) boʻysunuvchilarga qaratilgan va maʼlum amallarning majburan bajarilishini, u yoki bu qoidalarga rioya qilinishini talab etadigan yoxud u yoki bu tartib, qoidalarni belgilaydigan koʻrsatmasidir. Buyruq bir yoxud guruh harbiy xizmatchilariga yozma, ogʻzaki yoxud aloqaning texnik vositalari orqali berilishi mumkin. Yozma buyruq harbiy qismlarning komandirlari (muassasalarning boshliqlari) yakkaboshchilik asosida chiqaruvchi harbiy boshqaruvning asosiy idora xizmat hujjati (huquqiy hujjati) sanaladi. Ogʻzaki buyruqlar barcha komandirlar (boshliqlar) tomonidan beriladi. Buyruq (buyurish) qonunlar va harbiy nizomlarning talablariga muvofiq kelishi lozim.