Iqtisodiyot sohasidagi jinoiy ishlar boʻyicha sud amaliyotida yuzaga kelgan ayrim masalalar toʻgʻrisida 11-band. Sudlarga tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlariga zid bitim tuzish…

Sudlarga tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlariga zid bitim tuzish deganda, mansabdor shaxsning oʻzi tuzayotgan bitimning Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlari uchun naf keltirmasligini oldindan bila turib sodir etgan harakatlari, masalan, mahsulot yetkazib berish bahosining aniq pasaytirilganligi yoki mahsulotlarni olish, uni transportda tashish narxlarini aniq oshirib koʻrsatish, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga ilgari foydalanilgan, jisman ishlatib boʻlingan, maʼnaviy eskirgan yoki zamon talablariga javob bermaydigan asbob-uskunani yoxud texnologiyalarni olib kirishga, shuningdek, ularni oʻrnatish va joriy etishga olib kelgan bitimni tuzish harakatlari va h.k. tushunilmogʻi kerak. Bu oʻrinda Jinoyat kodeksining 175-moddasida koʻzda tutilgan jinoyatning oqibatlari sifatida respublika manfaatlariga koʻp yoki juda koʻp miqdorda zarar yetkazilganligi har doim aniqlangan boʻlishi shart. Bu zararning koʻp yoki juda koʻp miqdorda ekanligi har bir muayyan ish boʻyicha tergov organi va sud tomonidan asoslantirilgan boʻlishi zarur. Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlariga zid tuzilgan bitimlar qatoriga, masalan, davlat mulkini boshqa mulkdorlarga ancha pasaytirilgan narxda sotish holati ham kiritilishi mumkin. Bitimning davlat manfaatlariga zid tuzilganligi toʻgʻrisidagi sudning xulosasi tegishli ekspertiza fikrini inobatga olgan holda tuzilishi mumkin. Ushbu toifadagi ishlarni tergov qilishda va sudda koʻrishda bu jinoyatlarning kelib chiqishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlar albatta aniqlanishi zarur. Agar qayd etilgan bitimlarni tuzishda aybdorda gʻaraz va boshqa past niyatlar boʻlganligi aniqlansa, bunday harakatlar Jinoyat kodeksining hokimiyat yoki mansab mavqeyidan foydalanib sodir etiladigan tegishli jinoyatlar uchun javobgarlikni belgilovchi moddalari bilan tavsiflanishi lozim.