Jazoni ijro etuvchi organning mahkumni ogʻir kasallikka chalinganligi munosabati bilan jazoni oʻtashdan ozod qilish toʻgʻrisidagi taqdimnomasini oʻz ish yurituviga qabul qilishga oid masalani hal etishda, sudya u JIK 165-moddasi ikkinchi qismi talablariga javob berish-bermasligini va taqdim etilgan materiallarda mahkumning jazo oʻtashi uchun asos boʻlgan hujjatlar nusxalari, mahkumning kasalligini tavsiflovchi batafsil maʼlumotlar, shu jumladan, tibbiy komissiya xulosasi mavjud-mavjud emasligini tekshirishi lozim. Sudya mahkumni ogʻir kasallikka chalinganligi munosabati bilan jazoni oʻtashdan ozod qilish toʻgʻrisidagi taqdimnomani qabul qilishni JIK 165-moddasi birinchi qismiga muvofiq taqdim etilishi shart boʻlgan hujjatlar (tibbiy komissiya xulosasi, mahkumning shaxsiy ishi) yoʻqligi sababli rad etishga haqli emas. Bunday hollarda sud jazoni ijro etuvchi organga tegishli materiallarni sudga darhol taqdim etish toʻgʻrisida soʻrovnoma yuborishi lozim.