Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 7-band. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, ular nafaqat mahkumlarni jazoni oʻtashdan…

Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, ular nafaqat mahkumlarni jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishni asossiz ravishda rad etishga, balki asossiz ravishda jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga ham yoʻl qoʻymasliklari lozim. Sud qonunda nazarda tutilmagan asoslar, jumladan, oldingi jinoyatlari uchun sudlanganlik holati mavjudligi, tayinlangan jazo yengilligi, mahkum aybiga iqror emasligi, muayyan jazoni ijro etish muassasasida qisqa vaqt mobaynida boʻlganligi va h.k. boʻyicha jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishni rad etishga haqli emas. Sodir etilgan jinoyat xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi (uning ogʻirligi va oqibatlari) ham iltimosnoma yoki taqdimnomani rad etish uchun asos boʻlmaydi, chunki bu holatlar jazo tayinlangan vaqtda inobatga olingan boʻlib, bundan tashqari, JK 73 , 74 , 89 va 90-moddalarida nazarda tutilgan muddatlar belgilanishi mezoni hisoblanadi. Mahkumda jazoni ijro etish davrida qoʻllanilgan taʼsir choralarining mavjudligi, oʻz-oʻzidan, uning tayinlangan jazoni oʻtashni davom ettirishi zarurligidan dalolat bermaydi. Mazkur masalani hal etishda, har doim, nafaqat bevosita iltimosnoma kiritilishi arafasida, balki jazoni oʻtashning butun davrida mahkum tomonidan yoʻl qoʻyilgan har bir tartib-buzarlikning muayyan holatlari, ogʻirligi va xususiyati, taʼsir choralari olib tashlanishi yoki tugallanishiga oid maʼlumotlar, oxirgi taʼsir chorasi qoʻllanilganidan soʻng oʻtgan vaqt, mahkumning keyingi xulq-atvori va uni tavsiflovchi boshqa maʼlumotlar inobatga olinishi lozim.