Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga oid ishlar boʻyicha sud amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida 3-band. JK 243-moddasi mazmuniga koʻra, daromadlarni legallashtirish deganda, aybdor tomonidan…

JK 243-moddasi mazmuniga koʻra, daromadlarni legallashtirish deganda, aybdor tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulkning kelib chiqishiga ularni oʻtkazish, mulkka aylantirish yoki almashtirish, shuningdek, ularning asl xususiyatini, manbaini, turgan joyini, tasarruf etish, koʻchirish usulini, pul mablagʻlariga yoki boshqa mulkka nisbatan haqiqiy egalik huquqlarini yoki uning kimga qarashliligini yashirish yoxud sir saqlash yoʻli bilan qonuniy tus berilishi tushunilishi lozim. Jinoiy faoliyatdan olingan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulkning kelib chiqishiga qonuniy tus berilishi, odatda, bunday pul mablagʻlari yoki mulkka nisbatan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish va/yoki bitimlar tuzishda ifodalanadi. Moliyaviy operatsiyalarga pul mablagʻlari bilan amalga oshiriladigan har qanday operatsiyalar (naqd va naqd pulsiz hisob-kitoblar, kassa operatsiyalari, shu jumladan, pul mablagʻlarini hisobvaragʻiga kiritish, ularni turli banklardagi omonatlarga boʻlib joylashtirish, boshqa valyutaga oʻtkazish, qimmatli qogʻozlar sotib olish, pul mablagʻlarini chegaradan tashqariga oʻtkazish va keyinchalik ularni bankdagi omonatga qayta tushirish va h.k.). Legallashtirish amalga oshirilishi mumkin boʻlgan bitimlarga, fuqarolik huquq va majburiyatlarini vujudga keltirish, oʻzgartirish yoki tugatishga, shuningdek, fuqarolik huquq va majburiyatlarining paydo boʻlganligi yoki oʻtganligi tasavvurini shakllantirishga qaratilgan (masalan, oldi-sotdi, qarz, hadya, garov, ijara, ayirboshlash va h.k. shartnomalarni tuzish) harakatlar kiradi. Qonun mazmuniga koʻra, jinoiy yoʻl bilan orttirilgan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan hatto bitta operatsiya yoki bitim amalga oshirilgan hollarda ham daromadlarni legallashtirish uchun javobgarlik kelib chiqadi. 3.1. Moliyaviy operatsiyalar oʻtkazish orqali sodir etilgan daromadlarni legallashtirish shaxs jinoiy yoʻl bilan topilgan pul mablagʻlaridan tovarlar uchun hisob-kitob qilishda yoki maydalashda