Sudlar daromadlarni legallashtirishni jinoiy yoʻl bilan topilgan mulkni olish yoki oʻtkazish jinoyatidan farqlashlari lozim. Jumladan, jinoyat (masalan, oʻzganing mulkini talon-toroj qilish) natijasida topilgan mulkni olish yoki oʻtkazish, agar bundan mulkka qonuniy egalik koʻrinishi berilmayotgan boʻlsa (masalan, texnik pasport yoki oʻgʻirlangan avtomobilni sotish uchun beriladigan ishonchnoma qalbakilashtirilgan), daromadlarni legallashtirish (JK 243-moddasi ) tarkibini tashkil etmaydi. Ishning muayyan holatlaridan (jumladan, talon-toroj qilingan mulk bilan amalga oshirilgan bitim oldiga qoʻyilgan maqsaddan) kelib chiqqan xolda bunday harakatlar oʻzganing mulkini talon-toroj qilishda ishtirokchilik (yordamchi shaklida) yoki jinoiy yoʻl bilan topilgan mulkni olish yoki oʻtkazish (JK 171-moddasi ) sifatida, bunga asoslar mavjud boʻlganda esa, hujjatlarni qalbakilashtirish sifatida ham kvalifikatsiya qilinishi mumkin.