Sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, daromadlarni legallashtirishdan olingan mulk JPK 211-moddasi 5-bandiga koʻra, JK 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyat predmeti hisoblanadi va Fuqarolik kodeksi 204-moddasiga asosan jismoniy yoki yuridik shaxsga asosiy jinoyat natijasida yetkazilgan moddiy zarar qoplangandan soʻng konfiskatsiya qilinishi kerak. Agar shaxsni JK 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda ayblashga doir ishni koʻrish chogʻida pul mablagʻlari yoki mulkning muayyan qismi jinoiy yoʻl bilan orttirilmaganligi aniqlansa, ular JPK 211-moddasi 4-bandiga asosan qonuniy egasiga qaytarilishi lozim.