Agar shaxs jazoni oʻtash davrida surunkali ruhiy yoki boshqa ogʻir kasallikka chalingan boʻlsa va bu holat jazoni oʻtashga toʻsqinlik qilsa, qonun uni jazodan ozod qilishga yoʻl qoʻyadi (JK 75 , JPK 534-moddalari ). Mazkur masalani hal etishda sudlar nazarda tutishlari lozimki, ruhiy holati surunkali buzilgan shaxsni jazodan ozod qilish uchun sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ogʻirligi, shaxsning xulq-atvori, tayinlangan va oʻtalgan jazo muddati hamda boshqa holatlar ahamiyat kasb etmaydi. Boshqa turdagi ogʻir kasallikka chalingan shaxsni jazodan ozod qilish uchun sud mahkumning kasali Ichki ishlar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligining 2008-yil 13-avgustdagi 12/9 sonli qoʻshma qarori bilan tasdiqlangan va Adliya vazirligida 2008-yil 9-sentabrda 1854-son bilan roʻyxatga olingan “Mahkumlarni kasalligi tufayli jazoni oʻtashdan ozod qilishga taqdim etish uchun asos boʻladigan kasalliklar roʻyxati ”ga kiritilganligini inobatga olishi shart.