Sudlarga tushuntirilsinki, qonunda apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritish predmeti boʻyicha alohida muayyan istisnolar belgilangan. Jumladan, birinchi instansiya sudi tomonidan sud muhokamasi chogʻida chiqarilgan va dalillarni tekshirish tartibiga, protsess ishtirokchilarining iltimosnomalariga, ehtiyot chorasini tanlash, oʻzgartirish yoki bekor qilishga, shuningdek sud majlisi zalida tartib saqlashga oid hamda JPK 416 , 417-moddalari tartibida chiqarilgan ajrimlar ustidan shikoyat (protest) berilishi mumkin emas. Ushbu ajrimlar boʻyicha eʼtirozlar apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti)ga kiritilishi mumkin. Hukm chiqarilgandan soʻng qabul qilingan amnistiya aktini tatbiq etish, tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash masalalari yuzasidan, shuningdek, mahkumga nisbatan ijro etilmagan bir necha hukm mavjud boʻlib, keyingi hukmni chiqargan sud bundan bexabar boʻlgan va h.k. hollarda berilgan shikoyat (protest), agar unda ayni bir paytda jinoyat ishining mazmuni yoki hukm (ajrim)ning qonuniyligi va asosliligi boʻyicha boshqa masalalar qoʻyilgan boʻlmasa, apellyatsiya, kassatsiya tartibida alohida koʻrilmaydi. Bu masalalar birinchi instansiya sudi tomonidan JPK 540-moddasi va 541-moddasining birinchi qismi qoidalariga muvofiq hal etiladi. Bunday masalalar yuzasidan chiqarilgan sud ajrimi ustidan umumiy asoslarda xususiy shikoyat (xususiy protest) berilishi mumkin. JPK 546¹-moddasiga muvofiq sudning hukmini, ajrimini va qarorlarini ijro etish chogʻida yuzaga kelgan masalalarni hal qilish toʻgʻrisidagi ajrim sud tomonidan oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi. Shu sababli sudning ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat (xususiy protest) kassatsiya tartibida koʻrib chiqiladi.