JPK 480-moddasida apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti)ning mazmuni yuzasidan muayyan talablar belgilanganligi tufayli, birinchi instansiya sudi shikoyat (protest) beruvchi shaxs tomonidan ularni bajarganligini tekshirishi shart. Agar shikoyat (protest)ning mazmuni qonun talablariga javob bermasa va bu keyinchalik ishni mazmunan koʻrishga toʻsqinlik qilsa, sudya shikoyat (protest)ni ajrim bilan uni bergan shaxsga qaytaradi. Bunday holda shikoyat (protest)ni qayta tuzish uchun JPK 497⁷ , 502-moddalarida belgilangan doirada muddat belgilanadi. Agar shikoyat (protest) bergan shaxs sud tomonidan belgilangan muddatda ajrimda koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etsa, shikoyat (protest) sudga dastlab taqdim etilgan kundan boshlab berilgan hisoblanadi. Sud koʻrsatmalari bajarilmagan taqdirda shikoyat (protest) berilmagan hisoblanadi.