JPK 438-moddasi mazmuniga koʻra, sud muhokamasi ishtirokchilarining yangi guvohlarni, ekspertlarni, mutaxassislarni chaqirish toʻgʻrisidagi, ashyoviy dalillar va hujjatlarni talab qilib olish toʻgʻrisidagi iltimosnomalari bevosita ular arz qilingan va muhokama qilingandan soʻng hal etilishi lozim. Sud muhokamasi ishtirokchilari doirasini aniqlash va ishning harakati bilan bogʻliq boshqa barcha iltimoslar ham (jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar sifatida tan olish toʻgʻrisida, ishni toʻxtatish yoxud uning muhokamasini keyinga qoldirish toʻgʻrisida, ishni tugatish toʻgʻrisida va boshqalar), ular sud majlisining tayyorgarlik qismida yoki sud muhokamasi davomida arz qilinganligidan qatʼiy nazar, shu qoidalar asosida hal qilinadi. Ish sudga kelib tushganidan soʻng, lekin sud muhokamasi boshlangunga qadar kelib tushgan iltimosnomalar sud majlisining tayyorgarlik qismida hal qilinishi lozim. Biroq, ularning toʻgʻri hal qilinishini taʼminlash maqsadida ish boʻyicha raislik qiluvchi iltimosnomani koʻrib chiqishni keyinga qoldirishi va muayyan harakatlarni (maʼlumotnomalar, tavsifnomalar va boshqa hujjatlarni soʻrash va hokazo) amalga oshirishi mumkin. Qonunga koʻra (JPK 438-moddasining uchinchi qismi ), iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish tarafni ushbu iltimosnomani boshqa asoslar boʻyicha sud muhokamasi davomida qayta arz qilish huquqidan mahrum etmaydi.