Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, ehtiyot chorasini qoʻllash, oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi, pasport harakatini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish toʻgʻrisidagi, sudlanuvchining tibbiy muassasada boʻlishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi, pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisidagi, murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi, rad etish toʻgʻrisidagi, jinoyat ishini toʻxtatish yoki uni prokurorga oʻtkazish toʻgʻrisidagi, boshqa organlarga ijro etish uchun yuboriladigan ajrimlar, shuningdek, xususiy ajrimlar alohida xonada (maslahatxonada) alohida hujjatlar koʻrinishida chiqariladi. Boshqa masalalar boʻyicha ajrimlar sud majlisining oʻzida, sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirmasdan chiqarilishi mumkin va JPK 423-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq qaror qabul qilinishi sabablarini koʻrsatgan holda sud majlisi bayonnomasiga kiritib qoʻyiladi. Sud tomonidan sud majlisi davomida hal qilinadigan barcha masalalar boʻyicha ajrimlar darhol eʼlon qilinishi lozim (JPK 423-moddasining beshinchi qismi ).