Sud majlisi bayonnomasi ish boʻyicha eng muhim protsessual hujjatlardan biri ekanligini nazarda tutib, sudlar uni tuzish sifatini oshirish choralarini koʻrishlari kerak. Bayonnoma JPK 426-moddasi talablariga qatʼiyan muvofiq tarzda tuzilishi lozim. Bunda quyidagilar bayon etilishiga alohida eʼtibor qaratilishi lozim: sud muhokamasi ishtirokchilari tomonidan berilgan iltimosnomalar va ularning muhokamasi tartibiga; maslahatxonaga kirmasdan sud majlisida chiqarilgan sud ajrimlariga; sudlanuvchining unga nisbatan eʼlon qilingan ayblov mazmuni boʻyicha, guvohlar va jabrlanuvchilarning ish holatlari boʻyicha bergan koʻrsatuvlariga; dalillarni tekshirish jarayoniga. Bayonnoma sifatli va oʻz vaqtida tuzilishi uchun raislik qiluvchi bilan bir qatorda sud majlisi kotibi javobgar boʻlib, u JPK 32-moddasiga muvofiq, bayonnomada sudning harakatlari va qarorlarini, shuningdek, sud muhokamasi ishtirokchilari harakatlarini toʻliq va toʻgʻri bayon qilib borishi shart. Bayonnoma bir necha sud majlisi kotibi tomonidan yuritilganda, ulardan har biri bayonnomaning oʻzi yuritgan qismini imzolaydi.