Sudlarga tushuntirilsinki, JPK 83-moddasida , 84-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan ish yuritishni istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlganda, sudya ishni sud muhokamasiga tayinlash toʻgʻrisidagi masalani hal etish chogʻida ishni toʻliq yoki qisman yoxud ayrim ayblanuvchilarga nisbatan tugatishi, shuningdek, ayblovning ayrim epizodlarini chiqarishi lozim. Jinoiy javobgarlikka tortish muddati oʻtib ketganligi munosabati bilan yoki amnistiya toʻgʻrisidagi akt asosida ishni tugatish masalasini hal etish chogʻida shuni nazarda tutish lozimki, mazkur asoslar boʻyicha ishni tugatish, faqat ish materiallarida yoki taraf taqdim etgan materiallarda ayblanuvchi bunga roziligi mavjud boʻlganda, mumkin boʻladi. JPK 84-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, sudya ishni tugatishga haqli. Ishni tugatish chogʻida sud qoʻllanilgan ehtiyot choralarini, fuqaroviy daʼvoni taʼminlash choralarini bekor qiladi hamda ashyoviy dalillar toʻgʻrisidagi masalani hal etadi.