Sudya JPK 396-moddasining 3-bandiga muvofiq, surishtiruv va dastlabki tergovni yuritish chogʻida jinoyat ishini qoʻzgʻatish va yuritish asoslari hamda tartibini belgilovchi JPK talablariga rioya etilganligini aniqlashi zarur. Jinoyat-protsessual qonuni normalari jiddiy buzilganligi (masalan, boshqa shaxsga nisbatan yangi ayblov boʻyicha ajratilgan materiallar boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatmasdan surishtiruv yoki dastlabki tergov oʻtkazilganligi), sud tomonidan sud muhokamasi chogʻida bartaraf etib boʻlmaydigan boshqa qoidabuzarliklar (masalan, JPK 76-moddasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra rad etilishi lozim boʻlgan surishtiruvchi, tergovchi tomonidan protsessual harakatlar amalga oshirilganligi, surishtiruv yoki tergov guruhiga kiritilmagan shaxs tomonidan surishtiruv yoki dastlabki tergov amalga oshirilganligi va hokazo), shuningdek, JPK 405¹²-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan holatlar aniqlansa, ish boʻyicha dastlabki eshituv oʻtkazilishi kerak.