Jinoyat-protsessual kodeksining 500 va 513-moddalari mazmunidan kelib chiqqan holda mahkumning ahvolini ogʻirlashtiruvchi asoslar boʻyicha sudlarning hukm, ajrim va qarorlarini, ular qonuniy kuchga kirgandan keyin bir yil vaqt oʻtgach kassatsiya va nazorat tartibida qayta koʻrib chiqishga yoʻl qoʻyilmaydi. Jumladan: shaxsning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yoʻqotishi munosabati bilan uni jazodan ozod qilinishi (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 70-moddasi ); aybdorning chin koʻngildan pushaymon boʻlganligi munosabati bilan jazodan ozod qilinishi (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 71-moddasi ); mahkumning jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishi yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirilishi (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 73 , 74-moddalari ); mahkumning kasallik yoki mehnatga qobiliyatini yoʻqotish oqibatida jazodan ozod qilinishi (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 75-moddasi ); mahkumning amnistiya akti yoki afv etish asosida jazodan ozod qilinishi (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 76-moddasi ); sudlanganlikning olib tashlanishi (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 79-moddasi ); hukm, ajrim va qarorlarni ijroga qaratishga taalluqli ayrim (Jinoyat-protsessual kodeksining 541-moddasi ) masalalar (ozodlikdan mahrum etishga shartli ravishda hukm qilinganda sinov muddatini qisqartirish; mahkumni hukmda belgilangan jazoni oʻtashi uchun yengilroq tartibli koloniyaga joʻnatish yoki koʻchirish, axloq tuzatish ishlari oʻtalgan vaqtni umumiy mehnat stajiga qoʻshish) va hokazolar.