Sud ishni qoʻshimcha tergovga yoki yangidan sudda koʻrish uchun yuborayotganida sudlanuvchiga qoʻyilgan aybning isbotlanganligi yoki u yoki bu dalilning ishonchliligi, bir dalilning ikkinchisidan afzalligi, qilmishning u yoki bu jinoyat qonuni bilan kvalifikatsiya qilinishi lozimligi va jazo chorasi haqida oldindan xulosa qilishga haqli emas. Hukmni bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun sudga yuborayotib, yuqori bosqich sudi oʻz qarorida qaysi holatlar hukmni bekor qilinishiga sabab boʻlganligini va ularni bartaraf etish yoʻllarini koʻrsatishi zarur. Hukmni yoki ajrimni bekor qilib, ishni qoʻshimcha tergovga yuborayotganda, yuqori bosqich sudi, aynan qanday holatlar tergov yoʻli bilan qoʻshimcha aniqlanishi kerakligini, bunday holatlarni sud yoʻli bilan aniqlash imkoni yoʻqligini koʻrsatishi, shuningdek, avval qoʻllanilgan ehtiyot chorasining maqsadga muvofiqligini, uni oʻzgartirish, masalan, garov tariqasidagi ehtiyot chorasini qoʻllash imkoniyatlari bor yoki yoʻqligini, albatta muhokama qilishi shart.