Kassatsiya va nazorat instansiyasi sudi mahkumga tayinlangan jazoni yengillashtirish masalasini hal qila turib, Jinoyat-protsessual kodeksining 482-moddasiga muvofiq, nafaqat jazoni kamaytirishi, balki, boshqa yengilroq jazo turiga almashtirishi ham mumkin. Bu holatda, qonun doirasida tayinlanadigan yengilroq jazoning muddati hukm boʻyicha tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining muddatidan ortiqroq boʻlishi ham mumkin (masalan, bir yil ozodlikdan mahrum qilingan shaxsga sud uch yil axloq tuzatish ishi tayinlashga haqli). Sudlangan (mahkum)ga nisbatan asosiy jazo kamaytirilganda, shu jumladan, qonunda belgilangandan koʻra yengilroq jazoga almashtirilganda ham, hukmning qoʻshimcha jazo tayinlash (muayyan huquqdan, harbiy yoki maxsus unvondan mahrum qilish kabi) qismi oʻzgarishsiz qoldirilishi mumkin.