Jinoyat ishlarini kassatsiya va nazorat tartibida koʻrish amaliyoti haqida 3-band. Yuqori bosqich sudlari, quyi sudlar tomonidan ishlarni kassatsiya tartibida koʻrishga…

Yuqori bosqich sudlari, quyi sudlar tomonidan ishlarni kassatsiya tartibida koʻrishga rasmiylashtirishda Jinoyat-protsessual kodeksining 473-moddasining 4-qismi , 479 , 498-moddalarida qayd etilgan quyidagi talablarning bajarilganligini tekshirishlari shart: — taraflarga hukmning mazmuni, hukm ustidan ular istagi boʻyicha apellatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish muddati va tartibining tushuntirilganligini; — tushgan shikoyat yoki protest kimning manfaatlariga taalluqli boʻlsa, ularga bu haqda maʼlum qilinganligini; — sud qarorlarining nusxalari sudlangan (mahkum)ga, jabrlanuvchiga, oqlangan shaxsga topshirilganligini; — ular va boshqa manfaatdor shaxslar shikoyat yoki protest bilan, shu jumladan, qoʻshimcha taqdim etilgan hujjatlar bilan tanishganligini va oʻz eʼtirozlarini bildirganligini; — kassatsiya shikoyati bergan shaxs, shuningdek berilgan shikoyat yoki protest kimning manfaatlariga taalluqli boʻlsa, shu protsess ishtirokchilari ishning koʻrilish vaqti va joyi haqida tegishli tartibda xabardor qilinganliklarini; — sudlangan (mahkum), oqlangan shaxs, ularning himoyachilari va qonuniy vakillari, jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar hamda ularning vakillari ishning yuqori instansiya sudida koʻrilishida ishtirok etishlari mumkinligi toʻgʻrisidagi qonun talablarining bajarilganligini va h.k.