Jinoyat-protsessual qonunchiligida nazarda tutilgan himoyalanish huquqi protsess ishtirokchilarining barchasiga nisbatan ish yuritishning har qanday bosqichida ham taʼminlanishi shartligidan hamda sudda jinoyat ishlarining oshkora koʻrilishi, taraflarning oʻzaro tortishuvi va boshqa tamoyillarning mavjudligidan kelib chiqib, protsess ishtirokchilari jinoyat ishi yuzasidan berilgan shikoyat, bildirilgan protest va toʻplangan har qanday qoʻshimcha hujjat bilan tanishishga va oʻz eʼtirozlarini bildirishga haqlidirlar. Ammo, ularga bunday majburiyatlarni yuklash qonunga ziddir. Shuning bilan birgalikda, ishni sudda koʻrishga asos boʻluvchi shikoyat yoki protestda ogʻirroq jinoyatga doir qonunni qoʻllash zarurligi, jazoni kuchaytirish yoki sudlangan (mahkum), oqlangan shaxsning ahvolini ogʻirlashtiradigan boshqa oʻzgarishlar nazarda tutilgan boʻlsa, shikoyat (protest) yoxud ularning nusxalari sudlangan (mahkum), oqlangan shaxsga tegishli tartibda taqdim etilib, uning eʼtiroznoma bildirish huquqi real taʼminlangandagina jinoyat ishining kassatsiya yoki nazorat tartibida koʻrilishiga yoʻl qoʻyilishi tushuntirilsin.