Shikoyatni oʻrganib chiqishda sudlar shundan kelib chiqishlari lozimki, shikoyatda bayon etilgan vajlar sud hukmi, ajrimi yoki qarorining qonuniyligi va asosliligi yuzasidan shubha uygʻotgan yoki bunday shubha bevosita sud qarorlari mazmunidan kelib chiqqan har bir holda ish chaqirtirilishi shart. Ish, jumladan, quyidagi holatlar yuzasidan shubha tugʻilganda talab qilib olinishi shart: sud tergovining toʻliqligi; sud xulosalari ishning haqiqiy holatlariga muvofiqligi; jinoyat yoki jinoyat-protsessual qonuni normalariga rioya etilganligi va toʻgʻri qoʻllanilganligi; tayinlangan jazoning adolatliligi.