Nazorat instansiyasi sudi majlisida ishtirok etishga huquqi bor shaxslar doirasi qonunda belgilangan (JPK 479-moddasi toʻrtinchi qismi ). Ishning koʻrilish joyi, sanasi va vaqti toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor etilgan shaxslarning uzrli sabablarsiz sud majlisiga kelmasligi uni koʻrish uchun monelik qilmaydi. Ayni paytda, qonunga koʻra nazorat instansiyasi sudida prokurorning ishtiroki shart boʻlib, bunday holda, JPK 25-moddasi birinchi qismi , 51-moddasi birinchi qismi 6 , 9-bandlari va ikkinchi qismi mazmunidan kelib chiqib, ushbu instansiyada himoyachining ishtiroki ham taʼminlanishi shart (JPK 52-moddasida koʻrsatilgan hollar bundan mustasno). Shu sababli prokuror yoki himoyachi kelmagan hollarda ishning muhokamasi keyinga qoldirilishi kerak.